• Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • O‘zbekiston Avtomobil Biznesi Uyushmasi (ABA): avtomobilsozlikni barqaror rivojlantirish uchun soha yetakchilarining birlashmasi

O‘zbekiston Avtomobil Biznesi Uyushmasi (ABA): avtomobilsozlikni barqaror rivojlantirish uchun soha yetakchilarining birlashmasi

17.03.2025

O‘zbekiston Avtomobil Biznesi Uyushmasi (ABA): avtomobilsozlikni barqaror rivojlantirish uchun soha yetakchilarining birlashmasi

2025-yil 14-mart kuni Toshkent shahridagi Hampton by Hilton mehmonxonasida O‘zbekiston Avtomobil Biznesi Uyushmasi (ABA UZBEKISTAN) tomonidan tashkil etilgan biznes-nonushta bo‘lib o‘tdi. Tadbirda avtomobilsozlik va unga yondosh sohalarning asosiy ishtirokchilari, jumladan, "O‘zavtosanoat," ADM Global, BYD Uzbekistan, SamAuto, KPMG, UZAUTO TRAILER, Agroup va boshqa kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Avtomobil Biznesi Uyushmasi taqdimoti

O‘zbekiston Avtomobil Biznesi Uyushmasi (ABA UZBEKISTAN) – bu avtomobilsozlik sanoatining yetakchi ishtirokchilari, jumladan, avtomobil ishlab chiqaruvchilar, butlovchi qismlar yetkazib beruvchilar, import qiluvchilar, distribyutorlar va dilerlarni birlashtirgan nodavlat va notijorat tashkilot hisoblanadi. Tadbir doirasida ishtirokchilar uyushmaning missiyasi, strategik maqsadlari va faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bilan tanishdilar.

ABA UZBEKISTAN faoliyatining asosiy yo‘nalishlari:

  1. Bozor tahlili va tadqiqoti: ma’lumotlarni to‘plash, joriy tendensiyalarni monitoring va avtomobil bozori rivojlanishini prognoz qilish.
  2. Avtomobil yig‘uvchi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash: ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga ko‘maklashish, investitsiyalarni jalb qilish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish.
  3. Avtomobil komponentlari ishlab chiqaruvchilarini rivojlantirish: yetkazib beruvchilarning yagona bazasini yaratish, bozor ishtirokchilari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalariga ko‘maklashish.
  4. Distribyutorlar va dilerlarni qo‘llab-quvvatlash: investitsiyalarni himoya qilish, biznes manfaatlarini davlat darajasida taqdim etish.

Uyushmaning missiyasi va maqsadlari

Uyushma raisi Sh.F. Yusupov quyidagilarni ta’kidladi: ABA UZBEKISTAN o‘z oldiga ulkan vazifalarni qo‘ymoqda:

  • O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatida ijobiy o‘zgarishlar drayveriga aylanish.
  • Innovatsiyalarni joriy etish, mahsulot va xizmatlar sifatini oshirishga ko‘maklashish.
  • Mahalliy avtosanoatning mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini mustahkamlash.
  • Ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, distribyutorlar va dilerlar o‘rtasida o‘zaro samarali aloqalar uchun platforma yaratish."

Uyushma ishtirokchilari uchun imtiyozlar

ABA UZBEKISTAN’ga a’zo bo‘lish bir qator asosiy imkoniyatlardan foydalanish imkonini beradi:

  • Davlat organlari bilan bo‘ladigan muloqotga ko‘maklashish: biznesni rivojlantirish masalalari va bozor ishtirokchilarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish.
  • Biznes hamjamiyati: tajriba almashish va ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish uchun sohadagi tadbirlar, forumlar va ishchi guruhlarda ishtirok etish.
  • Tahlil va tadqiqotlar: eksklyuziv ma’lumotlar, tahliliy hisobotlar va bozor rivojlanishi bo‘yicha prognozlardan foydalanish.
  • Marketing va PR: ko‘rgazmalar, konferensiyalar va boshqa ommaviy tadbirlarda ishtirok etish orqali ishtirokchilarning brendlarini targ‘ib qilish.

Uyushmaning tuzilmasi va ishlash tamoyillari

ABA UZBEKISTAN keng doiradagi ishtirokchilarni, jumladan, avtomobil ishlab chiqaruvchilar, butlovchi qismlarni yetkazib beruvchilar, distribyutorlar, dilerlar, shuningdek, kredit va sug‘urta tashkilotlarini birlashtiradi. Uyushma doirasida o‘zaro aloqalarning shaffofligi va samaradorligini ta’minlash maqsadida bozorning turli segmentlari manfaatlarini ifodalovchi ixtisoslashtirilgan qo‘mitalar tashkil etiladi.

A’zo bo‘lish tartibi

ABA UZBEKISTAN’ga a’zo bo‘lish onlayn yoki oflayn shaklda ariza berish va keyinchalik shartnoma imzolash orqali amalga oshiriladi. Uyushmada ishtirok etish bepul bo‘lishi, uni barcha manfaatdor tomonlar uchun qulay qiladi.

Tadbir ishtirokchilari taqdimotlari

Tadbirda audit, soliq va konsultativ xizmatlarga ixtisoslashgan KPMG Uzbekistan kompaniyasi vakillari ham so‘zga chiqdi.

KPMG vakillari "O‘zbekiston Respublikasida avtotransport vositalari bozori tahlili" hisobotini taqdim etdi. Taqdimot davomida ishtirokchilar O‘zbekistonda yengil avtomobillar bozorini 2029-yilgacha rivojlantirishning turli ssenariylari bilan tanishtirildi.

Tadbir doirasida MDHdagi avtomobil biznesi sohasidagi eng yirik va nufuzli tahliliy agentliklardan biri – "Avtostat" kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Vakolatxona "CenterStat" nomi bilan ro‘yxatdan o‘tgan va O‘zbekistonda quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi:

  • Avtotransport vositalari eksporti va importi tahlili
  • VIN-kodlar bo‘yicha yangi va foydalanishda bo‘lgan avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash
  • Avtotransport vositalari va ehtiyot qismlar bozorini prognozlash
  • Avtomobillarning qoldiq bozor qiymati tahlili
  • O‘zbekiston va Rossiya bozorlari bo‘yicha hisobotlar va prognozlarni taqdim etish
  • Avtomobilsozlik sohasidagi tadbirlarni tashkil etish va boshqalar

KPMG Uzbekistan va "Avtostat" kompaniyasi vakillari avtomobil bozorini tahlil qilish va prognozlashda statistik ma’lumotlarning muhim o‘rnini ta’kidladilar. Ishonchli va dolzarb ma’lumotlar asosli qarorlar qabul qilish imkonini beradi, sohani rivojlantirishga ko‘maklashadi va uning shaffofligini oshiradi.

Tadbir yakunlari

Tadbir yakunida Uyushma raisi Sh.F. Yusupov quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi:

"ABA UZBEKISTAN o‘zaro professional aloqalar uchun asosiy platformaga aylanish, sohaning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shish, innovatsiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonning xalqaro bozordagi mavqeini mustahkamlash niyatida".

Biznes-nonushta avtomobil sanoati vakillari o‘rtasida samarali muloqot maydoniga aylandi. Tadbir ishtirokchilari nafaqat ABA UZBEKISTAN imkoniyatlari bilan tanishdilar, balki sohani rivojlantirishning dolzarb masalalari va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Mavzu bo'yicha dolzarb